AsosiyJamiyat

"Bemor shifoxonadan qochib ketgan". Qarshida qaynsinglisini oftoba bilan urib o`ldirgan erkak bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berildi

'"Bemor shifoxonadan qochib ketgan". Qarshida qaynsinglisini oftoba bilan urib o`ldirgan erkak bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berildi'ning rasmi

Avvalroq, Qarshida ruhiy kasalliklar shifoxonasida ro`yxatda turuvchi erkak o`z qaynsinglisini o`ldirib qo`ygani haqida xabar berilgan edi. Qashqadaryo viloyati IIB erkak qaynsinglisini oftoba bilan urib o`ldirganini ma`lum qildi. Ayni paytda viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi mazkur holat yuzsidan qo`shimcha ma`lumot taqdim etdi. 

Ma`lum qilinishicha, Qarshi tumanida yashovchi, 1975 yilda tug`ilgan  bemor M.P. 2018 yildan beri dispanser nazoratida turadi. Muntazam ambulator va stasionar tartibda davolanib kelgan. O`z yaqinlariga tan jarohati etkazganligi tufayli 2019 yildan 2021 yilgacha Buxoro viloyatida joylashgan nazorati kuchaytirilgan shifoxonada majburiy davolangan. Davo muddatini  o`tab bo`lgandan so`ng yashash joyiga mutaxassis nazoratiga jo`natilgan. 2021 yil “Tajovuzkor bemor”lar  maxsus hisobiga olingan.

 Keyingi paytlarda yana ruhiyatida o`zgarish bo`lganligi sababli ichki ishlar bo`limi xodimining aloqa xatiga asosan 2022 yil 21 mayda viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan. 2022 yil 17 iyul soat 06:40 da nonushtaga olib chiqilayotgan paytda navbatchilikda bo`lgan xodimlar mas`uliyatsizligi sababli bemor bo`limdan qochib ketgan. Bu xususda darhol uning oilasiga xabar berilgan. Bu borada ichki ishlar xodimlariga xabar berishga ulgurilmasdan bemor jinoyatga qo`l urgani xabar qilingan.

Mazkur holat shifoxona xodimlarining umumiy yig`ilishida muhokoma qilinib, ruhiyatida o`tkir o`zgarishlar kuzatilayotgan bemorlarda o`rnatiladigan alohida nazorat tadbirlariga e`tiborni kuchaytirish bo`yicha qat`iy choralar belgilandi.  

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Mas`uliyatsizlikka yo`l qo`ygan shifoxona xodimlariga tegishli tartibda chora ko`riladi.

Ma`lumot o`rnida qayd etish zarurki, sog`liqni saqlash tizimida aholi orasida ruhiy holati buzilgan bemorlarga psixiatriya yordamini ko`rsatish xizmati nazorati kuchaytirilgan davolash profilaktika muassasasi va umumpsixiatriya  davolash profilaktika muassasalarida amalga oshiriladi.

Umumpsixiatriya davolash profilaktika muassasalari alohida qo`riqlanadigan muassasa hisoblanmasa-da, alohida mahkamlanadigan bo`limlardan iborat bo`ladi. Bunday bo`limlarda ruhiyatida o`tkir o`zgarishlar kuzatilgan bemorlarda mutaxassis tavsiyasiga ko`ra alohida nazorat o`rnatish mumkin. Ruhiy holati buzilgan shaxslar O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida nazarda tutilgan fuqarolarning barcha huquqlari va erkinliklariga egadir. Bemorlar  xohishiga ko`ra davolovchi shifokorning ruxsati bilan oilaviy muhitga moslashishishi uchun uyida davolanishni davom ettira olishlari mumkin.

 Jumladan, viloyat ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi umumiy tartibda kelib, yotib davolanishga mo`ljallangan umumpsixiatriya davolash profilaktika muassasalari tarkibiga kiradi.

 

 

    Boshqa yangiliklar