O`zbekiston Mudofaa vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vazirlik tizimida birinchi yarim yillikda davlat xaridlari sohasida aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi xabarini inkor etdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati Darakchi.uz ga ma`lumot taqdim etdi.
Unga ko`ra, agentlikning xabarida bayon etilgan holatlar Mudofaa vazirligi budjet mablag`lariga mutlaqo aloqasi bo`lmagan „Harbiy savdo“ korxonalarining 5 yillik faoliyati davomida yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklardir.
6 oy davomida davlat xaridlariga oid qonun talablariga rioya qilinishi yuzasidan jami 10 ta vazirlik, idora va tashkilotlarda o`tkazilgan o`rganishlarda 1143 ta holatda 48,5 mlrd so`mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan, deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabarida. Mudofaa vazirligiga oid jumla ushbu agentlik saytidan olib tashlangan.
Eslatib o`tamiz, kecha ijtimoiy tarmoqlarda 4 trillion 904,7 mlrd so`mni rastrata qilish yo`li bilan talon-taroj qilingani va 7,4 mlrd. so`m mablag` ortiqcha mukofot pullari sifatida to`lab berilib, o`zlashtirilgani natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. "O`ztransgaz" axborot xizmati hozirda tashkilot tuzilmasida ishlayotgan hech bir mansabdor shaxs biror jinoiy ish doirasida tergov jarayoniga jalb qilinmaganligini ma`lum qilgach, Ijtimoiy tarmoqlarda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tomonidan “O`ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi qarori nusxasi tarqaldi. Shundan so`ng Bosh prokuraturaning bayonoti e`lon qilindi.