1

Andijonlik er-xotin “uy sotamiz” deb 50 nafar xaridorni chuv tushirdi – keltirilgan zarar 2 mlrd so`mdan ziyod

Jinoyat 22.08.2022, 18:23
Andijonlik er-xotin “uy sotamiz” deb 50 nafar xaridorni chuv tushirdi – keltirilgan zarar 2 mlrd so`mdan ziyod

Andijonda yangi qurilgan hamda kredit to`lovli uy sotib olish istagidagi fuqarolarni aldab, jami 2 milliard 111 million so`mdan ziyod pullarini firibgarlik yo`li bilan ko`lga kiritgan er-xotin hamda ularning uch nafar jinoiy sherigiga sud hukmi o`qildi.

Ma`lum bo`lishicha, A.T. (ayol) hamda turmush o`rtog`i E.T. Andijon shahrining O`zbegim, Qo`shariq, Islomobod mahallalari hududida mahalliy hokimlik buyurtmasiga ko`ra kam ta`minlangan va uyga muhtoj oilalar uchun qurilib topshirilgan yangi ko`p qavatli uylardagi vaqtincha yashamayotgan xonadon egalarini topib, ularni ijaraga berishga  ko`ndirishgan. Xususan, xonadon sohiblariga bir yillik ijara haqini oldindan to`lab, o`zlarini go`yoki shu uyda yashayotgandek ko`rsatishgan.

Bir muddat o`tib, xonadon egalarining uylaridan xabar olmayotganidan foydalanib, mazkur kvartiralar kalitlarini yangi uy olish harakatida yurgan xaridorlarning qo`liga tutqazishgan. Buning uchun oldindan «boshlang`ich to`lovga» deb xaridorlarning har biridan 30 million so`mdan 90 million so`mgacha bo`lgan mablag`larni firibgarlik bilan qo`lga kiritishgan. Jumladan, jabrlanuvchilarning yangi xonadonlarda emin-erkin yashayverishlari mumkinligini, hujjatlarini esa asta-sekin rasmiylashtirib berishlarini aytib, ishonchiga kirishgan.

Jinoiy xatti-harakatlarda mazkur oilaga hamtovoqlari bo`lmish M.X. (shirkat raisi), T.U., X.T. lar yaqindan yordam berishgan.

Sud hukmi bilan A.T.ga 6 yil, turmush o`rtog`i E.T.ga 8 yil 6 oy, X.T.ga 8 yil 1 oy, M.X. hamda T.U.larga esa 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hamda keltirilgan moddiy zararlarni undirish belgilangan.

Viloyat sudi matbuot xizmatining qo`shimcha qilishicha, sud tomonidan Andijon tumani hamda Andijon shahri hokimliklari huzuridagi bolalar ijtimoiy himoyasi bilan shug`ullanuvchi sho``ba zimmasiga A.T. qaramog`idagi chaqalog`i hamda uch yoshdagi farzandini qarindoshlari yoki boshqa shaxslarning, muassasalarning vasiyligiga yoki homiyligiga topshirish to`g`risidagi masala yuklatilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1