Avval xabar qilganimizdek, Buxoro viloyat sudi binosida 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar bo`yicha 22 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish davom etmoqda.
Xususan, sud tergovi davomida so`roq qilingan sudlanuvchi N. Naypov o`z ko`rsatmalarida aybiga to`liq iqrorligini, muqaddam ichki ishlar tizimida ishlab, nafaqaga chiqa olmaganligini, agar D. Tajimuratovni qo`llab-quvvatlasa uning nafaqaga chiqishiga yordam berishiga umid qilganligini, yaqinda 55 yoshga kirishini, 4 nafar farzandi va 5 nafar nabirasi borligini, ular “otam qachon keladi” deb uyda “ko`zi to`rt bo`lib” kutib o`tirganligini, adashganligini, D. Tajimuratovga ishonib qolganligini aytib, chin ko`ngildan pushaymonligini ma`lum qildi.
Shuningdek sudlanuvchi A. Temirxanov ham xalqdan kechirim so`rab, xalq tinchligi buzilishiga Tajimuratov va Kallxanovalar sababchiligini, shularga ergashib jinoyat sodir qilganligini, o`zi 15 yildan beri “Ustyurtgeofizika” korxonasida ishlab kelayotganligini, yaqinda o`z uy-joyga ega bo`lib, oilasi bilan ko`chib o`tganligini, adashganligini, pushaymonligini va aybiga to`liq iqrorligini bildirdi.
Eslatib o`tamiz, sal avval ularning har biriga qanday ayblov qo`yilayotgani ma`lum qilindi. Shuningdek, Nukus voqealarida ayblanayotganlar orasida IIB mulozimi ham borligi ma`lum bo`ldi.