So`nggi voqealarga qadar “Dok-1 Maks” dori vositasining biror nojo`ya ta`siri kuzatilganmidi? Ushbu savolga AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova javob berdi.
"“Dok-1 Maks” dori vositasi 2012 yildan beri O`zbekiston tibbiyot amaliyotida qo`llanilib, jiddiy nojo`ya ta`sirlar berganligi haqida agentlik huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi”ga murojaat kelib tushmagan. Ya`ni, shu paytgacha ta`sir etuvchi moddalar va qo`shimcha moddalarning organizmga salbiy ta`siri aniqlanmagan.
“Dok-1 Maks” dori vositasining organizmga salbiy ta`siri kuzatilgan seriyasining sertifikatlashtirish jarayonidagi tekshiruvlari natijalari ushbu dori vositasining normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ko`rsatgan.
Lekin, ming afsuski, dori vositasi tegishli seriyalarining organizmga salbiy ta`siri kuzatilgan. Bu haqida signal kelib tushganidan keyin, dori vositasining barcha seriyalari laboratoriya tekshiruvlaridan o`tkazildi. Bunda nafaqat ta`sir etuvchi moddalar, balki uning tarkibidagi qo`shimcha moddalar ham o`rganildi. Va natijada dori vositasi tarkibidagi qo`shimcha moddalardan birining o`zgarganligi aniqlandi", - deya izoh berdi matbuot kotibi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositasidan bolalar o`rtasidagi o`lim holatlarining aniqlangan edi. Shundan so`ng SSV O`zbekistonda "Dok-1 Maks" dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olishni boshladi va sirop ishi bo`yicha o`rganish natijalarini e`lon qildi.
Hozircha, dorining salbiy ta`siri oqibatida vafot etgan bolalar soni 20 nafarga etgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Ushbu voqealar ortidan Qirg`izistonda ham “Dok-1 Maks” dori vositalarini sotish taqiqlandi.






