Sal avval Marg`ilonda bir oilaning 6 nafar noma`lum sababdan vafot etgani xabar qilingan edi. Bosh prokuratura matbot xizmati “darakchi.uz” ga hodisa bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2024 yil 26 yanvar kuni soat 12:30 larda Marg`ilon shahar, Vatan MFY, B.Marg`iloniy ko`chasida joylashgan kup kavatli uyning xonadonida istiqomat qilib kelgan, er-xotin N.M. va Z.M.lar, ularning qizi D.I., va 3 nafar nabirasi yashash xonadonida is gazidan zaharlanib, vafot etishgan.
Ko`zdan kechirish davomida marhumlar istiqomat qilgan xonadon uch xonadan iborat bo`lib, xonadonning yopiq ayvon (balkon) qismiga o`rnatilgan, chet elda ishlab chiqarilgan “Vaillant” rusumli isitish qozoni (kotyol)dan tashqariga chiqarilgan mo`risi qo`lbola, polietilindan ishlangan bo`lib, mo`rini xonadan tashqariga chiqish qismidagi bir-biriga kirishgan joyi qizish hisobiga ochilib qolishi natijasida xonaga is gazi to`planib qolgani ma`lum bo`ldi.
Mutaxassislarning xulosasiga ko`ra, ko`zdan kechirishda isitish qozoni (kotyol)dan nostandart holatda mo`ri tashqariga chiqarilganligi va natijada polietilindan ishlangan mo`ri qizishi natijasida kirishgan joyidan chiqib ketishi oqibatida, is gazi nazoratsiz, xonadon ichkarsiga tarqalishiga sababchi bo`lgani ko`rsatilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma`lumotnomasiga ko`ra, marhumlarning o`limi is gazidan o`tkir zaharlanish, o`tkir yurak nafas etishmovchiligi oqibatida yuzaga kelganligi aniqlangan.
Tergovga kadar tekshirish xarakatlari olib borilmokda.