1

Toshkentda yoshli bolani zo`rlagan erkak 16 yilga qamaldi

Jinoyat 15.02.2024, 19:21
Toshkentda yoshli bolani zo`rlagan erkak 16 yilga qamaldi

Bugun Jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tumani sudida 2017 yilda tug`ilgan bolaga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat (JKning 119-moddasi, 4-qismi) yuzasidan yopiq sud bo`lib o`tdi. Bolalar ombudsmani  sud prosessida bolaning qonuniy manfaatlari nuqtai nazaridan ishtirok etdi.

Sud mazkur og`ir jinoyatni har tomonlama, xolisona o`rgangan ravishda, ishdagi dalillardan va ish uchun ahamiyatli boshqa holatlardan kelib chiqib, sudlanuvchini aybli deb topdi hamda unga amaldagi qonun doirasidagi qat`iy jazo chorasi – 16 yil ozodlikdan mahrum qilish (qattiq tartibdagi koloniyalarda o`tash) jazosini tayinladi.

"E`tiborlisi, bunday toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan, mazkur hukm qonuniy kuchga kirganidan so`ng mahkumga nisbatan jazoni yumshatish hech bir chorasi qo`llanilmaydi va u jazoni to`liq o`taydi.  

Bugungi kunda sudlarimizda bola huquqlarini ishonchli ta`minlash borasida alohida qat`iyat va bolaning eng ustun manfaatlarini himoya qilishga ustuvorlik yondashuvi mustahkamlanib borayotganligi nihoyatda muhimdir. Bunday yondashuv yanada barqaror davom etishi zarur!

Shu o`rinda ta`kidlash joiz, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan bu toifadagi jinsiy jinoyatlarni, shu jumladan, mazkur ish materiallarini o`rganish ham shuni ko`rsatayaptiki, afsuski, bunday qabih jinoyatlarni sodir etishda jinoyatchilarga bolaning ayni paytdagi qarovsizligi, begona shaxsga ishonuvchanligi va undan mutlaqo hayiqmasligi kabi holatlar qo`l kelmoqda.

Farzandlarimizni bunday mudhish vaziyatlardan asrash uchun, eng avvalo, kichik yoshdagi bolajonlarni imkon qadar kattalar qarovisiz qoldirmaslik lozim. Shu bilan birga, bolaga har qanday hollarda ham begonalar bilan suhbatlashmaslik, agar shunday xavf bo`lsa, birinchi navbatda, o`zini qanday tutish va nima qilish zarurligi bo`yicha oddiy qoidalarni o`rgataylik. Bunday ko`nikmalar bolada uyda ham, bog`cha va maktabda ham birdek shakllantirilib borilishi zarur", deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1