AsosiyJamiyat

Pedofil amaldorlar yana suvdan quruq chiqmoqdami?

'Pedofil amaldorlar yana suvdan quruq chiqmoqdami?'ning rasmi

Xorazmda oilaviy bolalar uyi rahbari uch nafar voyaga etmagan tarbiyalanuvchini 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar bo`limi boshliqlari bilan jinsiy aloqada bo`lishga majburlagani haqida xabar berilgandi.

2023 yilning 3 noyabr kuni Xorazmdagi etimxona qizlariga nisbatan jinsiy zo`rovonlik sodir qilgan A. Masharipov va A. Kuryazovning 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida birifingda Bosh prokuror o`rinbosari S. Artikova va Oliy sud raisi o`rinbosari I. Muslimovlar ma`lum qilgan. 

Ammo O`zbekiston inson huquqlari Ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning ijtimoiy tarmog`iga joylangan postdan pedofillar jazoni o`tash uchun qamoqqa emas, manzil koloniyaga yuborilgani ayon bo`ldi. 

"O`shanda huquq tizimimizning kattalari bir "kichkinagina" epizodni yashirib ketishgan ekan. Ya`ni, pedofillar jazoni o`tash uchun qamoqqa emas, manzil koloniyaga yuborilgan ekan. Boz ustiga ularning dastlabki suddan beri uylarida o`tkazgan vaqtlari jazo muddatidan chegirib tashlangan ekan.

Qozilarimiz shu qadar ayyor ekanki, jamoatchilikni "pedofillar uzil-kesil 3 yil qamoqda o`tiradi" degan gapga ishontirishgan ekan. Aslida esa ular bor-yo`g`i 2 yildan ko`proq manzil koloniyada o`tirishadi, u erdagi barcha shart-sharoitlardan foydalanishadi.

Biz bekorga shuncha baqir-chaqir qilibmiz. Pedofillar, pedofiliya jinoyatlari haqida gapirgan vaqtizimini ilm olishga sarflaganimizda, "sulton suyagini xorlamas", "qarg`a qarg`aning ko`zini cho`qimas" degan naqllarning mag`zini chaqqan bo`lardik.

Hukm qo`limda, ammo undagi tafsilotlarni e`lon qila olmayman, chunki sud yopiq bo`lgan. Agar ma`lumotlarni oshkor qilsam, qonun menga qarshi ishlaydi, chunki men Adliyada ishlamayman...", deydi huquqshunos.

Bugun ushbu xabar yana keng muhokamalar maydoniga chiqdi.

Xususan, Rasul Kusherbaev, "Hatto er-xotin munosabatida ayolga nisbatan zo`ravonlikni targ`ib qilganlik uchun faollar 15 sutkadan ham qamalayapti, ammo amaldorlar pedofillik qilsa, yosh qizlarni zo`rlasa ham ularga maksimal engillik berish, shart-sharoit yaratish yo`lidan borilmoqda. Xorazmdagi sobiq adliya boshlig`i bilan bog`liq holat bunga yaqqol misol", deydi. 

Kusherbaev, jamoatchilikka ular qamaldi, deya bayonot bergan Bosh prokuror o`rinbosari va Oliy sud raisi o`rinbosarini pedofillarning manzil koloniyaga joylashib, yaxshi sharoitda jazo o`tashayotganini jamoatchilikdan yashirganlikda aybladi. Jazoning engilligi  jamiyatda pedofillikni avj olishiga sabab bo`lishini ta`kidlaydi.   

 

    Boshqa yangiliklar