O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 iyundagi PF–84-son Farmonida alkogol va tamaki ishlab chiqarish sohasini yil yakuniga qadar to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqarish korxonalarini integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, respublikada mavjud barcha korxonalarda spirt va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va aylanmasi hajmini hisobga olish tizimini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi yagona onlayn axborot tizimiga integratsiya qilinmoqda.
Bu bilan iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasi hajmini hisobga olish axborot tizimi, xavfni tahlil qilish tizimi, iste’mol va texnik etil spirti tashuvchi avtotransport vositalari harakatini markazlashtirilgan tarzda monitoringi va nazorati yuritiladi.
Natijada alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasini kamaytirish hamda aksiz solig‘i to‘lovlarini to‘liq hisobga olish imkoniyati oshiriladi.
Shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalarga videokuzatuv vositalarini o‘rnatilishi yuzasidan qo‘shimcha talabnomalar yig‘ilib, zarur choralar ko‘rilmoqda.