Shu yilning 21-25 aprel kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida II Xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo“ AA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur bilimlar bellashuvida 15 ta davlatdan 250 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchilar o‘zaro bellashdi. Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari faol ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan.
II Xalqaro matematika olimpiadasi yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik o‘quvchilar jami 17 ta medal – 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu natija bolalarimizning yuqori saviyadagi bilim va tayyorgarligini yana bir bor namoyon qildi. Iqtidorli o‘quvchilarimizdan Javohir Mamaqulov, Azizbek Mamajonov, Abdulaziz Radjabov va Mehmonbek Amanov oltin medal sohiblari bo‘lishdi.
O‘tgan yili Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 9 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.