24 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlaridagi bir nechta maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning zaharlanish holatlari qayd etildi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxona mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zgatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmogda.
Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahodir Valiev boshchiligida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Tergov davomida autsorsing korxonalari oziq-ovqat yetkazgan barcha MTT tarbiyalanuvchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmogda.
Rasmiylarga ko‘ra, hozirda tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir ahvoldagilar yo‘q, holat shifokorlar nazoratida.
Shuningdek, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi holati bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv ishlari boshlangan.
Tergov yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.