Sirdaryo viloyatida 398 ta xususiy va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘tkazilgan keng qamrovli sanitariya tekshiruvlari natijasida qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda UzA yozmoqda.
Tekshiruvlar viloyat hokimligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining viloyat boshqarmasi hamda tegishli idoralar hamkorligida amalga oshirildi. Uning asosiy maqsadi — xususiy bog‘chalarda bolalar salomatligi va xavfsizligiga daxldor sanitariya-gigiena talablariga qay darajada amal qilinayotganini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Tekshiruvlar davomida ko‘plab muassasalarda sanitariya talablariga rioya etilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Jumladan:
60 ta bog‘chaning oshxonasi ta’mirtalab holida ekani;
suv ta’minotida uzilishlar mavjudligi;
qo‘l yuvish uskunalari yetarli jihozlanganmaganligi;
xodimlar va bolalar belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi;
yotoq choyshablari va jihozlar eskirganligi;
ayrim xonalar va eshiklar ta’mirtalabligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklari asosida bir qator bog‘chalarning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu choralar mas’ullarni kamchiliklarni bartaraf etishga majbur qilish va bolalar uchun sog‘lom hamda xavfsiz muhit yaratishni ta’minlash maqsadida ko‘rildi.
– Tekshiruv natijalariga ko‘ra, sanitariya norma va me’yorlarini buzgan 329 nafar mas’ul shaxsga nisbatan sud organlari tomonidan jami 333 million 480 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llandi, — dedi Sog‘ligni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Hasanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari ham xususiy bog‘chalar rahbarlari uchun sanitariya-gigiena talablari bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazilgan bo‘lsada, ayrim tashkilotlarda talablarni buzish holatlari hali ham saqlanib qolmoqda.
Mutasaddidlar ta’kidlashicha, bolalar sog‘lomligi — jamiyat sog‘lomligi demakdir. Shu bois sanitariya qoidalari va gigiena talablariga rioya etish barcha ta’lim muassasalari uchun, ularning mulk shaklidAN qat’iy nazar, majburiy hisoblanadi.
Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, nazorat ishlari viloyat miqyosida davom ettirilmokda.