Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Bayden Adliya vazirligiga qarshi da'vo arizasi kiritgan. Unda 2016-2017 yillarda memuar muallifi bilan o'tkazilgan suhbatlar audioyozuvlarini Kongressdagi respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi Yuridik qo'mitasiga berishni muddatsiz taqiqlash talab qilingan.
Sobiq prezidentning aytishicha, ushbu suhbatlarda juda shaxsiy va nozik mavzular muhokama qilingan. Jumladan, 2015 yilda onkologik kasallik sabab vafot etgan o'g'li Bo Bayden haqidagi xotiralar ham qayd etilgan.
“Da'vogar Jozef Bayden suddan Adliya vazirligi tomonidan materiallarni qo'mitaga taqdim etilishini cheklashni so'raydi”, deyiladi hujjatda.
Audioyozuvlar 2023 yilda Baydenning maxfiy hujjatlar bilan muomalasi yuzasidan o'tkazilgan tergov vaqtida qo'lga kiritilgan. O'shanda Adliya vazirligi jinoiy ish qo'zg'atish uchun asos yo'q degan xulosaga kelgan edi.
Bayden mazkur materiallar e'lon qilinishi uning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini buzishini ta'kidlagan. Da'vo arizasida qayd etilishicha, avvalroq Adliya vazirligi ham xuddi shunday pozitsiyada bo'lgan, ammo Donald Tramp hokimiyatga qaytgach, qaror o'zgargan.
Ma'lum bo'lishicha, vazirlik audioyozuvlar va ularning stenogrammalarini 15 iyun kuni qonun chiqaruvchilarga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Amaldagi Prezident Donald Tramp esa Baydenning ushbu qaroriga tanqidiy munosabat bildirdi. U “Truth Social” ijtimoiy tarmog'ida Baydenni “insofsiz siyosatchi” deb atadi.






