Samarqand shahrida 14 yoshli qiz halok bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 10 fevral kuni Temiryo‘lchilar mahallasida sodir bo‘lgan. Voyaga etmagan qiz ukasi bilan velosiped uchib yurgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan avtomobilga urilgan va qatnov qismiga yiqilgan.
Shundan so‘ng shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan yuk mashinasi uni bosib ketgan. Oqibatda qiz olgan og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Sudda aniqlanishicha, 26 yoshli haydovchi avval ham yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, hodisa sodir bo‘lgan hududda yuk mashinalari harakati taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, u mazkur yo‘ldan foydalangan.
Sud haydovchini odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzishda aybdor deb topdi. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish hamda 3 yil davomida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, sudlanuvchi jabrlanuvchi tomonga 20 million so‘m moddiy va 120 million so‘m ma’naviy zarar to‘lab berishi belgilandi.






