“Navoiy” chegara bojxona postida yo‘lbarsimon bo‘g‘ma ilonni mamlakati hududiga noqonuniy olib kirishga urinish holati aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, ushbu tur xalqaro muhofaza ostida bo‘lib, uni O‘zbekiston hududiga olib kirish uchun CITES xalqaro ruxsatnomasi talab etiladi. Biroq yo‘lovchi tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, ilon belgilangan tartibda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan va uning holati qoniqarli ekani aytilgan.
Ma'lumot uchun, yo‘lbarsimon bo‘g‘ma ilon — yirik o‘lchamli, zaharsiz bo‘g‘ma ilonlar turiga mansub bo‘lib, u o‘z o‘ljasini tanasi bilan o‘rab, nafas olishini to‘xtatish orqali ov qiladi. U asosan Markaziy va Janubiy Amerika hududlarida uchraydi va uzunligi 2–4 metr, ba'zan 5 metrgacha yetishi mumkin.
Tanasidagi rang-barang naqshlar yo‘lbars terisiga o‘xshashi sababli u “yo‘lbarsimon” deb nomlangan. U kemiruvchilar, qushlar va kichik sutemizuvchilar bilan oziqlanadi hamda tirik bola tuqadi.






