O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi kurashish va jamiyatni mazkur tahdiddan himoya qilishga qaratilgan yangi qonun imzolanganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, giyohvandlik moddalari inson hayoti, oilalar va bolalar salomatligini izdan chiqaradi hamda mamlakat genofondi va kelajagiga bevosita tahdid soladi.
“Prezident giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi murosasiz kurashish va jamiyatni ushbu tahdiddan himoya qilishga qaratilgan qonunni imzoladi. Yangi qonunda narkotiklarni tarqatishning zamonaviy usullarini jilovlash, bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish hamda voyaga yetmaganlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan”, deb yozdi Mirziyoyeva.
Shuningdek, u mazkur masalani shaxsan o‘z nazoratiga olganini bildirib, giyohvandlikka qarshi kurashda jamiyatning har bir a’zosi faol bo‘lishi lozimligini qayd etdi.
“Bu kurashda chetda tomoshabin bo‘lib turishga hech kimning haqqi yo‘q. Juda ko‘p narsa o‘zimizga — ota-onalarga, maktab va mahallalarga, shuningdek, atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmagan har bir insonga bog‘liq”, dedi u.
Ma’lumot uchun, keyingi yillarda O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, ayniqsa, ularning internet orqali tarqatilishiga chek qo‘yish bo‘yicha qonunchilik bazasi bosqichma-bosqich takomillashtirib kelinmoqda.






