AQShning Nyu-York shahri Bruklin tumanida joylashgan Janubiy Bushvik islohot cherkovida katta yong‘in sodir bo‘lib, 174 yillik tarixiy bino deyarli butunlay vayron bo‘ldi. ABC telekanali ma'lumotiga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
ABC telekanali ma'lumotiga ko‘ra, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 13:20 atrofida Bushvik avenyusidagi cherkov binosida boshlangan. Taxminan 20 daqiqadan so‘ng binoning qo‘ng‘iroq minorasi qulab tushgan.
Nyu-York yong‘in xavfsizligi xizmati bir necha soat davomida o‘t o‘chirish ishlarini olib borgan va soat 15:35 ga kelib alanga to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida bir nafar o‘t o‘chiruvchi yengil jarohat olgan.
Dastlabki baholarga ko‘ra, yong‘in tarixiy inshootga jiddiy zarar yetkazgan va uni buzib tashlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Hozircha yong‘in sababi aniq emas, tergov davom etmoqda.
Janubiy Bushvik islohot cherkovi 1982 yilda AQShning Tarixiy joylar milliy reestriga kiritilgan bo‘lib, mahalliy aholi ushbu yodgorlikning yo‘qolishini katta madaniy yo‘qotish sifatida baholamoqda.






