Davlatimiz rahbariga Andijon viloyatining Bobur shahrida barpo etiladigan me’moriy ansambl doirasida buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan muhtasham haykal loyihasi taqdim etildi.
Qayd etilishicha, buyuk ajdod xotirasini munosib abadiylashtirish, uning boy ilmiy-adabiy merosi, davlatchilik tafakkuri va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini yosh avlodga chuqur yetkazish maqsadida yodgorlik ustida alohida badiiy va ilmiy yondashuv asosida ish olib borilmoqda.
Prezidentga bo‘lajak haykalning eskizlari, kompozitsion yechimi hamda Bobur siymosini yaratishda qo‘llanilayotgan ilmiy-badiiy yondashuvlar haqida axborot berildi. Ma’lum qilinishicha, tarixiy shaxs obrazi mahalliy va xorijiy olimlar hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqotlar, tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, miniatyuralar va madaniy meros namunalari asosida shakllantirilmoqda.
Shuningdek, Prezidentning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi bog‘lardan biriga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani qayd etildi. Ushbu bog‘da o‘rnatiladigan haykal loyihasi ham muhokama qilindi.
Davlat rahbari yodgorliklarda Bobur siymosini nafaqat buyuk shoir va adib, balki mohir sarkarda, qudratli davlat asoschisi va donishmand hukmdor sifatida teran aks ettirish muhimligini ta’kidladi. Haykallarda uning irodasi, davlatchilik salohiyati, yuksak ma’naviyati va bunyodkorlik g‘oyalari yaqqol namoyon bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Taqdimot davomida Prezidentga Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, Buxoro shahrida turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilishga oid loyihalar yuzasidan ham axborot berildi.
Yakunda davlatimiz rahbari loyihalarni yanada takomillashtirish, ularni ilg‘or tajriba asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.






