Toshkent ko'chalarida Tesla avtomobilini 214 km/soat tezlikda boshqargan haydovchiga nisbatan chora ko'rildi. Bu haqda poytaxt IIBB Axborot multimedia markazi boshlig'i o'rinbosari ma'lum qildi.
Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo'lgandi. Foydalanuvchilar bunday harakat yo'ldagi boshqa ishtirokchilar hayoti uchun jiddiy xavf tug'dirishini ta'kidlab, haydovchiga chora ko'rishni talab qilgan.
Ma'lum qilinishicha, haydovchi poytaxt YHQ qidiruv bo'limi xodimlari tomonidan chaqirtirilgan.
"Tesla avtomobilining egasiman. Katta tezlikda haydaganim ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketibdi. Shu bo'yicha chaqirishdi. Hech kimga bunday tez yurishni tavsiya qilmayman. Sekin yuringlar, ehtiyot bo'linglar. Qilgan ishimdan pushaymonman", — degan haydovchi.
Unga nisbatan tegishli choralar ko'rilgani aytildi, ammo qanday jazo qo'llanganiga aniqlik kiritilmagan.






