1989 yil Boysun tumanida tug`ilgan, ma`lumoti o`rta, oilali, bir nafar farzandning onasi bo`lgan Zaynab Mavlonova (maqoladagi ism-shariflar o`zgartirilgan) O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismining «g» bandi bilan aybli deb topildi. Ayol qo`shnisining uyiga o`g`rilikka tushib, uning tilla taqinchoqlarini o`margan.
Avvaldan reja qilinganmidi?
Odatda, o`g`rilik jinoyatiga qo`l uruvchi shaxslarni bir qancha maqsadlar boshqaradi, bular: oson pul topish, qarz oldi – berdisi yoki shaxsiy adovat. Shuningdek, kishida o`g`rilik sodir etishga moyillik bo`lishi ham mumkin. U bu ishni atay qilmaydi, biror moddiy manfaatni ko`zlashi ham haqiqatdan yiroq. Ammo negadir xatti – harakatlarini boshqara olmay, o`g`rilik qiladi.
Z.Mavlonova qo`shnisi M.Hasanovaning uyiga o`g`rilikka tushishni avvaldan reja qilgani aniq. Sababi u tilla taqinchoqlar qaerda saqlanishini yaxshi bilgan. 2018 yil may oyi boshlarida qo`shnisinikiga dazmol so`rab chiqqan Z.Mavlonova uyda M.Hasanovaning qizi yolg`iz ekanini bilib, rejasini amalga oshiradi. «Qizingizni olib chiqmadingizmi», deya so`ragan qo`shni qizga Z.Mavlonova «Istasang, uni olib chiqishing mumkin. Ungacha men dazmolni olib turaman», deydi. Qiz darvozadan chiqqach, M.Hasanovaning tilla buyumlari saqlanadigan xonaga kirib, javonda turgan umumiy narxi 6 800 000 so`mni tashkil qiluvchi 1 ta tilla zanjir, 2 ta uzuk, 1 ta tilla kulonni yashirin ravishda olib chiqib ketadi.
«Menga pul kerak edi»
Sudda ko`rsatma bergan Z.Mavlonova aybiga to`liq iqror bo`lib, quyidagilarni so`zlab berdi.
— O`sha kuni qo`shnimiz Ma`muraning uyiga dazmol so`rashga chiqqan edim. Bilsam, uyda Ma`muraning qizidan boshqa hech kim yo`q ekan. U mendan «Qizingizni olib chiqmadingizmi?» deb so`radi. Men, xohlasang o`zing olib chiqishing mumkin, deb, uning darvozadan chiqib ketishini kutib turdim. So`ng o`g`rilik qilishga qulay imkoniyat paydo bo`lganini xayol qilib, Ma`muraning tilla taqinchoqlari saqlanadigan xonaga kirdim. Xona burchagida turgan javondan tilla taqinchoqlarni olib, ko`ylagimning o`ng cho`ntagiga yashirdim. Oradan 10 daqiqa o`tib, qo`shnimning qizi qaytib keldi. U bilan biroz gaplashib o`tirdim-da, so`ng chiqib ketdim. Tilla buyumlarni o`zim yashaydigan xonaga berkitib qo`ydim. Bir hafta o`tib, qizimni Termiz shahridagi shifoxonaga olib bordim. Shifokor bir nechta dori yozib berdi. Ularni sotib olish uchun esa menga pul kerak edi. Shunda o`g`irlangan tilla taqinchoqlarni sotishni o`yladim. Shu maqsadda Denov markaziy dehqon bozoriga borib, u erda savdo qiluvchi F.Karimovga pul zarurligi bois tillalarimni sotmoqchiligimni aytdim. U menga ishondi. Hammasi o`zimniki, deb, taqinchoqlarni sotib olishiga ko`ndirdim. U menga 500 000 so`m va 200 AQSh dollari berdi.
Jinoyat fosh bo`lgach, Z.Mavlonovaning opasi tomonidan M.Hasanovaga 2 200 000 so`m pul va 1 dona tilla zirak 1 200 000 so`mga hisoblab beriladi. Sudlanuvchi o`z ko`rsatmasida qolgan zararni aliment pulini olganida qoplashini ma`lum qilgan.
Jabrlanuvchi M.Hasanova tilla buyumlari yo`qolganini tasodifan bilib qoladi. Tanishlaridan birining to`yiga ketayotgan mahali javonni ochganida, tilla taqinchoqlar solingan shisha idish ichi bo`m-bo`shligini ko`radi. Taqinchoqlar hech qaerdan topilmagach, qizidan uyga kim kelib – ketganini surishtiradi. Qiz qo`shni ayol Z.Mavlonovani ham aytadi. Shundan keyin M.Hasanova uyida o`g`rilik sodir etilganini taxmin qilib, ichki ishlar bo`limiga murojaat qiladi.
Zaynab Mavlonova O`zbekiston Respublikasi JKning 169-modda 2-qismining «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan 1 kuni chegirilib, o`tash uchun uzil-kesil sutkaning soat 22:00 dan 06:00 gacha yashash joyidan chiqishi cheklangan holda 11 oy 29 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Boysun tuman sudi raisi
Jasur Xudoyberdiev bilan hamkorlikda tayyorlandi.






