Ma'lum qilinishicha, jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergakligining pasayishidan foydalanib, zahri qotil moddalarni mamlakat hududiga olib kirishni rejalashtirgan. Biroq tezkor xizmat xodimlari ularning rejasini barbod qildi.
Xususan, Afg'onistondan Surxondaryo viloyatidagi "Termiz-avto" chegara bojxona posti orqali kirib kelgan Afg'oniston fuqarosi boshqaruvidagi Mercedes rusumli yuk avtomashinasi belgilangan tartibda tekshiruvdan o'tkazildi. Avtomashina tirkamasida olib kelinayotgan Doosan rusumli ekskavator inspeksion ko'rik majmuasi orqali skaner qilinganda, uning ko'targich qismi ichida konstruksiyada ko'rsatilmagan shubhali buyumlar borligi aniqlandi.
Shundan so'ng ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi yordamida ko'zdan kechirildi. Tekshiruv natijasida ko'targich qismiga yashiringan holda 593 kg gashish va 3 kg opiy borligi ma'lum bo'ldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, giyohvandlik vositalari egalarini qo'lga olish choralari ko'rilmoqda.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda DXXning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so'raldi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.






