Xabaringiz bor, 2020 yilning 21 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 00:05da Rossiya Federasiyasi Tomsk oblasti, Asino rayoni, Prichulmsk aholi yashash punkti, Svoboda ko`chasidagi bir qavatli yog`ochdan qurilgan 1/3-uyda yong`in sodir bo`lgan edi. Ushbu yong`inda o`zbekistonlik 10 nafar fuqaro halok bo`lgani xabar qilingan edi.
Ayni paytda Tomsk oblastida sodir bo`lgan yong`in bo`yicha FVV qo`shimcha ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, joriy yilning 21 yanvar kuni Rossiya Federasiyasi Tomsk oblastida yong`in natijasida, 12 nafar fuqaro halok bo`lgan edi. Shu kunning o`zida 11 nafar fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilib, ulardan 10 nafari hamyurtlarimiz va 1 nafari Rossiya Federasiyasi fuqarosi ekanligi ma`lum bo`lgan.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan birlamchi tahlil natijalariga ko`ra, yong`in oqibatida halok bo`lgan o`n birinchi fuqaro Andijon viloyati Andijon tumanida istiqomat qilgan Mamadjonov Muzaffarjon Dilmurotovich bo`lgani aniqlandi.
Eslatib o`tamiz, mazkur fojeadan so`ng:
O`zbekiston Bosh konsulxonasi Tomskdagi vaziyatni nazoratga oldi;
Ramzan Qodirov Shavkat Mirziyoevga hamdardlik bildirdi;
O`zbekiston Musulmonlar idorasi Tomskdagi yong`inda halok bo`lgan hamyurtlarimizning oila a`zolariga hamdardlik bildirdi;
Prezident ko`rsatmasiga binoan Tomskdagi yong`in sabablarini o`rganish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi;
Otabek Umarov Tomskda vafot etgan vatandoshlarimizning yaqinlariga sabr-bardosh tiladi;