AsosiyJamiyat

“UzAutoMotors” va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi o`rtasidagi navbatdagi yopiq sud majlisi bo`lib o`tdi

'“UzAutoMotors” va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi o`rtasidagi navbatdagi yopiq sud majlisi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Bugun, 23 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha o`tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, ushbu ma`muriy ish sudya G`. Davlatov raisligida ko`rilmoqda.

Bugun sud jarayoni o`z ishini yopiq sud majlisida davom ettirib, unda “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tan narxi shakllantirilishi metodikasi, chetdan olib kelingan butlovchi ehtiyot qismlarining narx oshishi, xorijiy valyuta kursini oshishi tan narxlarini shakllantirilishida ta`siri, ushbu holatlar tekshiruvchilar tomonidan inobatga olinmaganligi hamda ehtiyot qismlarining tan narxi oshishi to`liq o`rganilmasdan, faqatgina tanlov asosida o`rganilganligi, jamiyat tomonidan ish haqi va reklama xarajatlari tekshirish davomida to`liq inobatga olinish holatlari taraflar o`rtasida muhokama qilindi.

MQKQ vakillari tomonidan mazkur holatlarga tushuntirish berilib, haqiqatda ham tekshirish davomida bir necha marotaba hujjatlar taqdim etish so`ralganida jamiyat tomonidan tegishli hujjatlar o`z vaqtida taqdim etilmaganligi, tekshirish muddati yakunlanishiga kam vaqt qolganligi sababli umumiy hisob-kitoblar tanlov asosida o`rganib chiqilganligini, shuningdek ushbu tekshirishda aniqlangan 942,8 mlrd. so`m asossiz hisoblangan harajatlar ishlab chiqariladigan avtomashinalar rejasiga qarab hisoblanganligi, agarda ushbu ishlab chiqariladigan avtomashinalar soni kamayganida yoki ko`payganida ushbu hisoblangan asossiz xarajatlar miqdori ham o`zgarishi mumkinligini bildirib o`tishdi.

Shuningdek, “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati vakillari narx shakllanishida kiritilgan tayyor mahsulotlarni tashish bilan bog`liq xarajatlar Qo`mita tomonidan inobatga olinmaganligini bildirib o`tishdi.

Shundan so`ng, tekshirishda aniqlangan jamiyat tomonidan tovarlarni ichki bozorda dilerlar orqali sotishda teng bo`lmagan sharoitlarda taqsimlashda qonunbuzilish holatlari yuzasidan taraflar o`z fikr mulohazalarini bildirishdi.

Taraflardan boshqa iltimosnoma va qo`shimcha hujjatlar mavjud emasligi, barcha vajlar muhokama qilinganligi sababli, prokuror tomonidan ish hujjatlarini o`rganish va sud muzokarasiga tayyorgarlik ko`rish uchun iltimosnoma keltirildi.

Navbatdagi sud majlisi 2020 yil 30 oktyabr kuni soat 11.00 da o`tkaziladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o`tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ish 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.

Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach,  ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgan.

Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi

2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni boshlangan .

Mazkur jarayonlar barobarida "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan OAVga bosim bo`layotganini da`vo qildi.

«UzAuto Motors» OAVga Qo`mita tomonidan bosim o`tkazilayotganini da`vo qilganidan so`ng AOKA vaziyatni o`rganishga kirishdi.

Bugun esa AOKA "UzAuto Motors"ning Qo`mita tomonidan OAVga bosim qilayotgani haqidagi da`vosi o`z isbotini topmaganini bildirib, «UzAuto Motors» AJga asossiz ma`lumotni tarqatmaslik va bu kabi holatlarga yo`l qo`ymaslik bo`yicha tegishli ogohlantirish kiritilishini ma`lum qildi. 

Mavzuga doir:

Qo`mita «UzAutoMotors»ni davlat organiga nisbatan axloqiy me`yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chaqirdi

“UzAutoMotors” iltimosi qanoatlantirildi: mashinalarning narxi nega yuqori ekanligi yopiq sudda muhokama qilinadi

Rasul Kusherbaevning keyingi sudlarga mutlaqo tashrif buyurmaganligi hayratlanarli — “UzAutoMotors” keskin chiqish qildi

    Boshqa yangiliklar