O`zbekistonda 10 yanvardan boshlab bashorat qilinganidek, qor va sovuq kunlar boshlandi. Shunga ko`ra, sal avval barcha bo`g`indagi ta`lim muassasalarida qishki ta`til kunlari uzaytirildi, bog`chalarda esa navbatdan tashqari ta`til e`lon qilindi. Biroq 10 yanvar kuni to`satdan O`zbekistonning turli hududlarida OTM, texnikum va maktablarda 11 yanvardan davrslar boshlanishi haqida xabarlar paydo bo`ldi. Keyinchalik ma`lum qilinishicha, har bir hududda hokimliklar ob-havodan kelib chiqib, darslarni qaysi sanadan boshlashini o`zlari hal qilishlari aytildi, bog`chalarda ham qishki ta`til muddatini hal qilish hokimliklarga yuklatildi. Kecha, 11 yanvardan qator hududlarda hokimliklar buyrug`i bilan o`qishlar boshlanishi e`lon qilindi. Sovuq kuchaygan bir paytda bu buyruqlar deyarli bajarilmadi, aksincha keskin muhokama va noroziliklarga sabab bo`ldi.
Ayni paytda O`zbekistondagi hududlarda darslarni to`xtatish va qishki ta`tilni uzaytirish haqida hokimlik buyrqlari chiqa boshladi.
Jumladan, Buxoro viloyati umumta`lim maktablari, o`rta maxsus kasb-hunar va oliy ta`lim muassasalarida bugun, 11 yanvar kunidan an`anaviy tarzda o`qish boshlangan edi. Biroq sovuq ob-havo sharoitida ko`pchilik ota-onalarning murojaatlarini inobatga olib, Buxorodagi barcha ta`lim muassasalarida o`qish 16 yanvar kunidan boshlanishi belgilandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ta`kidlanishicha, maktabgacha ta`lim maskanlari ham o`z ishini 16 yanvar kunidan boshlaydi.






